Foydalanish shartlari
TUZUK DASTURIY TA’MINOTIDAN FOYDALANISH SHARTNOMASI
Nashr etilgan sana va vaqt
Nashr etilgan sana va vaqt: 01/06/2025 yil, 06:00 UZT.
“BALCOM SOFT” Mas’uliyati cheklangan jamiyat, STIR: 309335414, joylashgan manzil: O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Yashnobod tumani, “Do‘stobod” MFY, Maxtumquli ko‘chasi, 81-uy (bundan buyon matnda – “Kompaniya”) O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga muvofiq ommaviy oferta hisoblanuvchi va ushbu Shartnomani to‘liq va so‘zsiz qabul qilishi mumkin bo‘lgan har qanday shaxsga (bundan buyon matnda – “Foydalanuvchi”) yo‘llangan TUZUK dasturiy ta’minotidan foydalanish to‘g‘risidagi ushbu shartnomani (bundan buyon matnda – “Shartnoma”) e’lon qiladi.
Kompaniya va Foydalanuvchi bundan buyon birgalikda “Tomonlar”, har biri alohida esa – “Tomon” deb yuritiladi.
Kompaniya istalgan vaqtda ushbu nashrni yangilash yoki siz ko‘rsatgan elektron pochta manziliga elektron xat yuborish orqali Shartnoma shartlarini o‘zgartirishi mumkin. Shartnoma shartlarini ko‘rib chiqish uchun vaqti-vaqti bilan ushbu nashrga tashrif buyurishingiz kerak. TUZUK dasturiy ta’minotidan har bir foydalanish holati Saytda e’lon qilingan Shartnomaning amaldagi tahririga rozilik bildirishni anglatadi.
1. ATAMALARNING TA’RIFI
- “Mualliflik huquqi egasi”, “Kompaniya” – “BALCOM SOFT” Mas’uliyati cheklangan jamiyat, STIR: 309335414, TUZUK dasturiy ta’minotiga bo‘lgan eksklyuziv mulkiy huquqlarning egasi hisoblanadi, shu jumladan tovar belgisi, dastlabki kod, dizayn, tuzilma va dasturiy ta’minotning boshqa komponentlariga bo‘lgan huquqlar. Kompaniya O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq TUZUK dasturiy ta’minotini ishlab chiqish, modifikatsiya qilish, tarqatish va tijoratlashtirish bo‘yicha barcha huquqlarga ega.
- “TUZUK dasturiy ta’minoti”, “TUZUK” – bu O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik bazasiga kirishni ta’minlaydigan sun’iy intellektga asoslangan elektron platformadir. Ushbu platforma har bir foydalanuvchiga huquqiy masalalarni samarali hal qilish uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tezkor qidirish va har tomonlama tahlil qilish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, TUZUK turli xil hujjatlarni ishlab chiqish va tahlil qilish jarayonini avtomatlashtirish, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi asosida yuridik hujjatlar bilan ishlashni soddalashtirish imkonini beruvchi funksiyaga ega.
- “Sayt” – bu yagona http://tuzuk.ai manzili orqali internetda mavjud bo‘lgan o‘zaro bog‘langan veb-sahifalar to‘plami bo‘lib, u orqali Foydalanuvchining TUZUK bilan o‘zaro aloqasi amalga oshiriladi.
- “Foydalanuvchi” – yuridik shaxs va jismoniy shaxs. To‘liq muomalaga layoqatli jismoniy shaxs TUZUK dasturiy ta’minotidan foydalanish huquqiga ega. Yuridik shaxs bo‘lgan foydalanuvchi TUZUKdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan vakolatli xodimni yoki vakilni mustaqil ravishda belgilaydi.
- “Profil” – har bir Foydalanuvchi tomonidan ma’lumotlarni kiritish va ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan harakatlarni amalga oshirish orqali mustaqil ravishda yaratiladigan TUZUKdagi Foydalanuvchi hisob qaydnomasi (Profil). Bundan tashqari, Profil Foydalanuvchining iltimosiga binoan bevosita Kompaniya tomonidan yaratilishi mumkin.
2. SHARTNOMA SHARTLARINI QO‘LLASH
- 2.1. Shartnoma tuzilgan payt (oferta aksepti) Foydalanuvchining TUZUKda ro‘yxatdan o‘tishi va Dasturga kirish uchun Profil yaratilishi hisoblanadi, bu Foydalanuvchining shartnoma munosabatlariga kirishish istagini tasdiqlaydi.
- 2.2. Foydalanuvchining TUZUKda avtorizatsiyadan o‘tishi va undan foydalanishni boshlashi Foydalanuvchi tomonidan Shartnomaning barcha shartlarini hech qanday istisno va shartlarsiz to‘liq va so‘zsiz qabul qilishni anglatadi.
- 2.3. Shartnoma shartlariga zarar yetkazmagan holda, Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq o‘zaro hamkorlikning qo‘shimcha shartlarini belgilovchi TUZUKdan foydalanish to‘g‘risida alohida shartnoma tuzishga haqli.
3. SHARTNOMA PREMETI
- 3.1. Shartnomaga ko‘ra, Kompaniya Foydalanuvchiga ushbu Shartnoma va Foydalanuvchi tomonidan tanlangan Tarif rejasida belgilangan shartlarda TUZUK dasturiy ta’minotiga kirish uchun inekslyuziv, o‘tkazilmaydigan, qaytarib olinadigan huquqni beradi.
- 3.2. Kompaniya Foydalanuvchiga tanlangan va to‘langan Tarif rejasiga muvofiq http://app.tuzuk.ai Sayti orqali Dasturning funksional imkoniyatlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash majburiyatini oladi, Foydalanuvchi esa Dasturdan Shartnoma shartlariga muvofiq foydalanish va tanlangan Tarif rejasiga muvofiq o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshirish majburiyatini oladi.
- 3.3. Kompaniya TUZUKga, shu jumladan uning barcha komponentlari, yangilanishlari va qo‘shimchalariga bo‘lgan mulk huquqini o‘zida saqlab qoladi. Foydalanuvchiga TUZUKning dastlabki kodi yoki TUZUKga bo‘lgan boshqa intellektual mulk huquqlari berilmaydi. TUZUK dasturiy ta’minoti tomonidan Foydalanuvchining ko‘rsatmasi (buyruq kiritish va boshqa harakatlar) bo‘yicha va u tomonidan foydalanish jarayonida yaratilgan har qanday ma’lumot Foydalanuvchiga tegishli deb hisoblanadi.
4. SINOV TARIFA REJALARI VA MAXSUS TAKLIFLAR
- 4.1. Kompaniya o‘z xohishiga ko‘ra vaqti-vaqti bilan TUZUK dasturiy ta’minotidan maxsus shartlarda, shu jumladan bepul asosda yoki arzonlashtirilgan narxda foydalanish bo‘yicha sinov tariflarini, maxsus aksiyalarni va boshqa vaqtinchalik takliflarni joriy etishga haqli.
- 4.2. Sinov tariflarini qo‘llash shartlari, shu jumladan ularning davomiyligi, funksional cheklovlari va standart tarif rejalarga o‘tish tartibi Kompaniya tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi va Foydalanuvchini oldindan ogohlantirmasdan istalgan vaqtda o‘zgartirilishi mumkin.
- 4.3. Amaldagi sinov tariflari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Saytda joylashtiriladi yoki Foydalanuvchiga elektron pochta yoki boshqa aloqa vositalari orqali yuboriladi.
- 4.4. Foydalanuvchi tomonidan TUZUK dasturiy ta’minotidan sinov tarif shartlarida foydalanishni boshlash holati Foydalanuvchining tegishli sinov tarif shartlariga va umuman ushbu Shartnomaga so‘zsiz roziligini tasdiqlaydi.
- 4.5. Sinov tarifining amal qilish muddati tugagandan so‘ng, agar sinov tarifining shartlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa yoki Foydalanuvchi standart tarif rejasini sotib olmagan bo‘lsa, Foydalanuvchi TUZUK dasturiy ta’minotiga kirish huquqini yo‘qotadi.
5. KOMPANIYA TOMONIDAN KAFOLATLARNI RAD ETISH
- 5.1. Kompaniya TUZUK dasturiy ta’minotining xatosiz yoki uzluksiz ishlashiga kafolat bermaydi va TUZUK yordamida olingan barcha javoblar to‘liq aniq, dolzarb yoki to‘liq bo‘lishiga ishonch bermaydi. Foydalanuvchi TUZUK dasturiy ta’minoti tomonidan yaratilgan ma’lumot faqat ma’lumot uchun ekanligini va noaniqliklarni o‘z ichiga olishi mumkinligini tan oladi. Kompaniya ushbu bilan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq yuridik xizmatlar (yuridik yordam) ko‘rsatuvchi advokatlik firmasi, advokatlik byurosi yoki boshqa tashkilot emasligini va amaldagi qonunchilikda belgilangan ma’noda huquqiy yordam ko‘rsatmasligini ma’lum qiladi. TUZUKdan olingan ma’lumotlar asosida qabul qilingan har qanday qarorlarni Foydalanuvchi o‘z xavfi va javobgarligi ostida qabul qiladi.
6. JAVOBGARLIKNI CHEKLASH VA YARATILGAN MA’LUMOTNING HUQUQIY MAQOMI
- 6.1. Kompaniya TUZUK dasturiy ta’minotini foydalanuvchilarni huquqiy sohada axborot bilan qo‘llab-quvvatlash uchun vosita sifatida taqdim etadi, bunda Kompaniya TUZUK dasturiy ta’minoti tomonidan yaratilgan, qayta ishlangan yoki taqdim etilgan har qanday ma’lumotning aniqligi, to‘liqligi, dolzarbligi, ishonchliligi, qonuniyligi yoki amaliy qo‘llanilishi uchun javobgar bo‘lmaydi.
- 6.2. TUZUK dasturiy ta’minotidan foydalanishda olingan barcha ma’lumotlar, qidiruv natijalari, javoblar, hujjatlar, matnlar, xulosalar va boshqa materiallar faqat ma’lumot uchun xarakterga ega, rasmiy yuridik xulosa, huquqiy maslahat yoki professional maslahat hisoblanmaydi va yuridik qarorlar qabul qilish, bitimlar tuzish yoki boshqa yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirish uchun asos bo‘lib xizmat qila olmaydi.
- 6.3. Foydalanuvchi ushbu bilan quyidagilarni tan oladi va rozilik beradi: a) TUZUK dasturiy ta’minoti sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanadi, ular ishlashning ehtimollik xususiyatiga va bunday texnologiyalarga xos bo‘lgan cheklovlarga ega; b) yaratilgan ma’lumotda noaniqliklar, xatolar, eskirgan ma’lumotlar yoki amaldagi qonunchilikka boshqa nomuvofiqliklar bo‘lishi mumkin; v) dasturiy ta’minot professional yuridik maslahatni almashtirmaydi; g) olingan ma’lumotlar asosida har qanday qaror qabul qilishdan oldin malakali yuridik mutaxassis bilan qo‘shimcha tekshirish va maslahatlashuv zarur.
- 6.4. Kompaniya TUZUK dasturiy ta’minoti yordamida olingan ma’lumotlardan foydalanish yoki foydalana olmaslik natijasida yuzaga kelgan har qanday zarar, ziyon, yo‘qotishlar, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bilvosita, tasodifiy, maxsus, jarima yoki keyingi zararlar uchun, Kompaniya bunday zararlar ehtimoli to‘g‘risida xabardor qilinganligidan qat’i nazar, qat’iyan javobgar bo‘lmaydi.
- 6.5. Foydalanuvchi tomonidan TUZUK dasturiy ta’minoti orqali olingan har qanday ma’lumotdan foydalanish faqat Foydalanuvchining o‘z xavfi va to‘liq javobgarligi ostida amalga oshiriladi.
- 6.6. Javobgarlikni ushbu cheklash O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bilan ruxsat etilgan maksimal darajada amal qiladi va ushbu Shartnomaning amal qilish muddati har qanday sababga ko‘ra tugatilgandan keyin ham o‘z kuchini saqlab qoladi.
7. SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLARNI YIG‘ISH VA ISHLOV BERISH
- 7.1. O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq Kompaniya Foydalanuvchini ro‘yxatdan o‘tkazishda yoki Foydalanuvchi tomonidan TUZUKga bevosita shaxsga doir ma’lumotlarni kiritishda olingan Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlarini, ya’ni familiyasi, ismi, otasining ismi, telefon raqami va elektron pochta manzilini yig‘ish va ishlov berishni amalga oshiradi. Foydalanuvchining bunday shaxsga doir ma’lumotlari Kompaniya tomonidan faqat TUZUK dasturiy ta’minotining ishlashi, ushbu Shartnomaning bajarilishi, texnik yordam ko‘rsatish, TUZUK yangilanishlari va xizmat ishlaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida xabardor qilish masalalari bo‘yicha Foydalanuvchi bilan tegishli aloqani ta’minlash maqsadida ishlatiladi. Ko‘rsatilgan shaxsga doir ma’lumotlar ushbu Shartnomada nazarda tutilmagan boshqa maqsadlarda ishlatilmaydi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollar bundan mustasno, Foydalanuvchining roziligisiz uchinchi shaxslarga berilmaydi.
8. SUN’IY INTELLEKT TIZIMLARIGA MA’LUMOTLARNI UZATISH UCHUN JAVOBGARLIK
- 8.1. Foydalanuvchi TUZUK dasturiy ta’minotidan foydalanganda u tomonidan kiritilgan barcha ma’lumotlar, chat-botdagi savollar matnlari, huquqiy tahlil uchun yuklangan hujjatlar, yaratilgan shablonlar va boshqa materiallar chet elda joylashgan sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida ishlov berishini tan oladi va rozilik beradi. Kompaniya Foydalanuvchi tomonidan TUZUKdan foydalanish jarayonida sun’iy intellekt tizimlariga ixtiyoriy ravishda uzatiladigan ma’lumotlarning saqlanishi, maxfiyligi va xavfsizligi uchun javobgar bo‘lmaydi. Foydalanuvchi ma’lumotlarni uzatish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida mustaqil ravishda qaror qabul qiladi va bunday uzatishning mumkin bo‘lgan huquqiy va boshqa oqibatlari uchun to‘liq javobgar bo‘ladi, shu jumladan ma’lumotlarni sun’iy intellekt texnologiyalari tomonidan qayta ishlash natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan maxfiylikni buzish, tijorat sirini oshkor qilish, uchinchi shaxslarning huquqlarini buzish yoki ma’lumotlarni oshkor qilmaslik bo‘yicha boshqa majburiyatlar uchun ham Foydalanuvchi o’zi to‘liq javobgar bo‘ladi.
9. QO‘LLANILADIGAN HUQUQ
- 9.1. Shartnoma O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq tartibga solinadi va talqin etiladi. TUZUK dasturiy ta’minotidan foydalanishda Kompaniya va Foydalanuvchi o‘rtasida yuzaga keladigan barcha munosabatlar faqat O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bo‘yicha ko‘rib chiqilishi va tartibga solinishi kerak.
- 9.2. Shartnoma qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonuni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining boshqa amaldagi normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq talqin qilinishi va qo‘llanilishi kerak.
- 9.3. Agar ushbu Shartnomaning biron bir qoidasi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq haqiqiy emas yoki qo‘llanilishi mumkin emas deb topilsa, ushbu qoida Tomonlarning niyatlariga maksimal darajada mos keladigan haqiqiy qoidaga almashtirilishi kerak, Shartnomaning qolgan qoidalari esa o‘z yuridik kuchini saqlab qoladi.
- 9.4. Tomonlar ushbu Shartnomadan yoki u bilan bog‘liq holda kelib chiqadigan barcha nizolar, kelishmovchiliklar yoki talablarni, shu jumladan uni bajarish, buzish, tugatish yoki haqiqiy emasligi bilan bog‘liq bo‘lganlarni muzokaralar yo‘li bilan hal qilish majburiyatini oladilar. Nizolarni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishning iloji bo‘lmagan taqdirda, nizolar O‘zbekiston Respublikasining protsessual qonunchiligiga muvofiq Kompaniyaning joylashgan joyidagi O‘zbekiston Respublikasi sudlarida ko‘rib chiqilishi kerak.
10. KOMPANIYANING HUQUQLARI
- 10.1. Kompaniya Tarif rejalari narxini va shartlarini bir tomonlama tartibda o‘zgartirishga haqli, bunda Foydalanuvchi tomonidan allaqachon to‘langan Tarif rejasining shartlari uning amal qilish muddati tugagunga qadar saqlanib qoladi.
- 10.2. Kompaniya TUZUK dasturiy ta’minotiga o‘zgartirishlar kiritishga haqli, shu jumladan funksionallikni yangilash, interfeysni o‘zgartirish, Foydalanuvchiga mavjud funksiyalarni sezilarli darajada cheklashga olib kelmasa, Foydalanuvchini oldindan ogohlantirmasdan ayrim funksiyalarni qo‘shish yoki o‘chirish huquqiga ega.
- 10.3. Kompaniya Foydalanuvchi tomonidan TUZUKdan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini, uchinchi shaxslarning huquqlarini yoki ushbu Shartnoma qoidalarini buzgan holda foydalanish faktlari aniqlangan taqdirda, Foydalanuvchining TUZUK dasturiy ta’minotiga kirishini zudlik bilan to‘xtatib qo‘yishga yoki to‘liq to‘xtatishga haqli.
- 10.4. Kompaniya TUZUK dasturiy ta’minotining xavfsizligi va barqaror ishlashini ta’minlash bilan bog‘liq profilaktika ishlarini olib borishga haqli, agar bunday ishlar xizmatning vaqtincha mavjud bo‘lmasligiga olib kelishi mumkin bo‘lsa, Foydalanuvchini rejalashtirilgan ishlar to‘g‘risida Sayt yoki elektron pochta orqali xabardor qiladi.
- 10.5. Kompaniya xizmatlarni tegishli darajada ko‘rsatish, shuningdek Foydalanuvchi tomonidan ushbu Shartnoma shartlariga rioya etilishini tekshirish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlarni Foydalanuvchidan so‘rashga haqli.
- 10.6. Foydalanuvchi tomonidan to‘lov shartlari buzilgan taqdirda, Kompaniya qarzdorlik to‘langan paytga qadar TUZUK dasturiy ta’minotiga kirish funksionalligini cheklashga haqli.
11. FOYDALANUVCHINING HUQUQLARI
- 11.1. Foydalanuvchi TUZUK dasturiy ta’minotiga kirish uchun mavjud Tarif rejalaridan istalganini tanlash huquqiga ega. TUZUK dasturiy ta’minotiga kirish uchun to‘lov, agar tanlangan Tarif rejasining shartlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, 100% oldindan to‘lov shartlarida amalga oshiriladi. Muayyan Tarif rejasiga to‘lovni amalga oshirish ushbu Tarif rejasining shartlariga rozilik bildirishni anglatadi.
- 11.2. Foydalanuvchi TUZUK dasturiy ta’minotiga kirishning foydalanilmagan davri uchun pul mablag‘larini qaytarish huquqiga ega, faqat Tarif rejasining shartlarida belgilangan bo‘lsa bunday huquqdan foydalanishi mumkin. Bunday holda, qaytarish amalda foydalanilgan davr chegirib tashlangan holda amalga oshiriladi, bu obuna narxiga mutanosib ravishda hisoblanadi.
- 11.3. Foydalanuvchi Kompaniyadan amaldagi Tarif rejalar, to‘lov usullari va narxni hisoblash tartibi to‘g‘risida ma’lumot berishni talab qilish huquqiga ega.
- 11.4. Foydalanuvchi Kompaniya tomonidan taklif qilingan variantlardan mavjud to‘lov usullarini mustaqil ravishda tanlashga, shuningdek obunani uzaytirishda tanlangan Tarif rejasini o‘zgartirishga haqli.
12. TUZUKDAN FOYDALANISH HUQUQINING NARXI
- 12.1. TUZUKdan foydalanish narxi Saytda ko‘rsatilgan Tarif rejasiga muvofiq belgilanadi.
- 12.2. Agar Tomonlarning alohida kelishuvi yoki Tarif rejasining shartlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, Shartnoma bo‘yicha hisob-kitoblar o‘zbek so‘mida amalga oshiriladi.
- 12.3. TUZUKdan foydalanish huquqlari uchun narxlar soliqlar hisobga olingan holda ko‘rsatiladi. To‘lov bilan bog‘liq barcha bank xarajatlarini Foydalanuvchi mustaqil ravishda o‘z zimmasiga oladi.
- 12.4. Foydalanuvchining xohishiga ko‘ra dasturiy ta’minotdan foydalanish muddatidan oldin tugatilgan yoki obuna bekor qilingan taqdirda, pul mablag‘lari qaytarilmaydi.
13. SHARTNOMANING BOSHQA SHARTLARI
- 13.1. Ushbu Shartnomani bajarish uchun zarur bo‘lgan xabarnomalar va boshqa hujjatlar almashinuvi uchun manzillar quyidagilardan iborat: (a) Foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tishda ko‘rsatgan elektron pochta manzili; (b) Kompaniyaning elektron pochta manzili: info@tuzuk.ai.
- 13.2. Shartnomaga muvofiq yuboriladigan barcha xabarnomalar, so‘rovlar va boshqa xabarlar yozma yoki elektron shaklda tuzilishi kerak va agar ular Shartnomaning 13.1-bandida ko‘rsatilgan tegishli elektron pochta manziliga yuborilgan bo‘lsa, tegishli tarzda yetkazilgan hisoblanadi.
- 13.3. Ushbu Shartnomaning amal qilish muddati cheklanmagan, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno hisoblanadi.
- 13.4. Shartnoma Tomonlarning kelishuviga ko‘ra, shuningdek, Shartnoma va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda bekor qilinishi mumkin. Shartnomaning ushbu bo‘limi bo‘yicha Shartnomaning bekor qilinishi Shartnomada to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining imperativ normalarida belgilangan Shartnoma shartlari va qoidalariga ta’sir qilmaydi.
- 13.5. Foydalanuvchi profili uchinchi shaxslarga berilishi yoki ular tomonidan foydalanilishi mumkin emas. Agar Profil bo‘yicha to‘lov amalga oshirilmasa va (yoki) Profilda 6 (olti) oy davomida avtorizatsiya bo‘lmasa, Profil Kompaniya tomonidan o‘chirilishi mumkin. Profilning ixtiyoriy yoki majburiy o‘chirilishi har ikki tomon uchun Shartnomaning tugatilishini anglatadi.
- 13.6. Foydalanuvchi istalgan vaqtda TUZUK dasturiy ta’minotidan foydalanishni to‘xtatish orqali ushbu Shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli, bunda obuna uchun to‘langan summa qaytarilmaydi, ushbu Shartnomada to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollar bundan mustasno hisoblanadi.
- 13.7. Ushbu Shartnoma har qanday asosga ko‘ra bekor qilingan taqdirda, Foydalanuvchining TUZUK dasturiy ta’minotidan foydalanishga bo‘lgan barcha huquqlari bekor qilinadi.
10 kunlik bepul demo foydalanish
TUZUK — O'zbekiston qonunchiligi bilan ishlash uchun maxsus yaratilgan sun'iy intellekt yordamchisi.
Demo imkoniyatlar: